Back to News page

Baraka ijtimoiy kartangiz va mablag’laringizni qanday himoyalay olasiz?

06.02.2026

Hurmatli foydalanuvchilar! Ayni kunlarda telefon yoki ilovangizga turli ijtimoiy xizmatlar, banklar yoki qo‘llab-quvvatlash xizmatlari nomidan qo’ng’iroqlar bo’lishi, linklar jo’natilishi mumkin. Ular fiirbgarlar bo’ladi. Firibgarlarning maqsadi sizni turli yo’llar bilan ishontirib, shaxsiy ma’lumotlaringizni, SMS kodlaringizni yoki pulingizni qo‘lga kiritish. Xo’sh, bunday jinoyatchilarni qanday payqashingiz mumkin, ulardan qanday himoyalanishingiz mumkin?

Biz firibgarlik usullarini tanib olishingiz va ulardan himoyalanishingiz bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorladik. 

«Fishing» (soxta saytlar va havolalar) orqali qanday aldashadi?

Firibgarlar sizga haqiqiy saytlarga juda o‘xshash bo‘lgan soxta havolalar yuborishadi. Ularning maqsadi — sizni o‘sha sahifaga kiritib, parollaringiz va karta ma’lumotlaringizni o‘g‘irlash.

Ular bank yoki servis nomidan SMS yuborib, «Akkuntingiz bloklandi» yoki «Yutuqni olish uchun bu yerga bosing» deb yozishadi.

Havola (link) manzilida bir-ikkita harf xato yozilgan bo‘ladi (masalan, baraka.gov.uz o‘rniga baraka-uz.net).

Hech qachon shubhali havolalarga kirmang. Sayt manzilini brauzerda o‘zingiz yozib kiring.

«Xavfsizlik xizmati» qo‘ng‘iroqlari usulidagi tuzoq 

Sizga o‘zini bank yoki «Baraka» qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimi deb tanishtirib qo‘ng‘iroq qilishadi. «Kartangizdan pul yechilmoqda, uni to‘xtatish uchun SMS kodni ayting» deb sizni qo‘rqitishadi.

Ular sizni shoshiltiradi, stress holatiga tushiradi va maxfiy kodni so‘raydi. Bunday paytda suhbatni darhol to‘xtating! Unutmang: Haqiqiy xodimlar hech qachon telefon orqali SMS kodni so‘ramaydi.

Messenjerlardagi soxta yordamchilar

Telegram yoki boshqa messenjerlarda firibgarlar o‘zini «Operator» deb tanishtirib, sizga birinchi bo‘lib yozishadi.

«Muammoingizni hal qilamiz» yoki «Keshbekni faollashtirib beramiz» deb va’da berishadi. Ular sizdan karta raqami yoki ilovaga kirish parolini so‘rashadi. Faqat rasmiy ilova ichidagi chatdan yoki rasmiy botlardan foydalaning. Sizga birinchi bo‘lib yozgan «yordamchi»larga ishonmang.

Nafaqangiz tayyor”, “Sizga pul jo’natildi” kabi aldovchi linklar 

Haddan tashqari foydali ko‘ringan takliflar 99% holatda firibgarlik bo‘ladi. Nafaqangiz tayyor”, “Sizga pul jo’natildi”, «Siz yutuq yutdingiz, uni olish uchun 50 ming so‘m komissiya to‘lang» kabi linklarni jo’natishadi. Pulni o‘tkazishingiz bilan ular g‘oyib bo‘ladi.Oldindan to‘lov talab qilinishi va «faqat bugun ulgurib qoling» deb shoshiltirish. Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi. Hech qachon «yutuq» uchun oldindan pul to‘lamang.

Xavfsizligingiz uchun 3ta oltin qoidani eslab qoling!

  1. SMS kodni hech kimga bermang! Bu sizning uyingiz kaliti kabi sir saqlanishi kerak.
  2. Parollaringizni murakkab yarating. Tug‘ilgan yilingiz yoki ismingizni parol sifatida tanlamang.
  3. Hushyor bo‘ling. Agar kimdir sizni shoshiltirayotgan bo‘lsa, demak bu — firibgar.

Agar ma’lumotlaringizni firibgarlarga berib qo‘ygan bo’lsangiz, darhol kartangizni bloklang va bizning rasmiy yagona aloqa markazimizga murojaat qiling: 1070