Back to News page

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari ilk marta Baraka kartasiga ega bo‘ldi!

03.04.2026

1-aprel kuni Toshkent shahridagi 365-maktab o‘quvchilariga sinov tariqasida Baraka ijtimoiy kartalari berildi. Endi ular Baraka ijtimoiy kartasidan bank va transport kartasi sifatida foydalanish (xuddi ATTO kartasi kabi) imkoniyati ega bo’ladilar.

Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Baraka loyiha ofisi va Aloqabank vakillari ishtirok etdilar. 

Tadbir davomida ishtirokchilar kartaning afzalliklari va kundalik hayotda qo‘llanilishi haqida ma’lumot oldilar. Loyihaning maqsadi yoshlarni moliyaviy savodxonlikka o‘rgatish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlariga integratsiya qilishdir.

Ma’lumot uchun, 2024-yildan boshlab O‘zbekistonda yagona ijtimoiy karta tizimi ishga tushdi. Endi barcha ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalar asta-sekin shu kartalarga o‘tkazilmoqda. Nafqaxo‘rlar uchun kartalarni chiqarish va yetkazib berish Xalq banki AJ’ga, talaba va maktab o‘quvchilari uchun xizmat ko‘rsatish va kartalarni taqdim etish esa Aloqabank AJga topshirilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 28-dekabrdagi 897-sonli qaroriga binoan, ijtimoiy kartalar atigi 3 ish kunida chiqarilib, bank xodimlari tomonidan fuqarolarga yetkazib beriladi. Shu tarzda, har bir foydalanuvchi o‘z kartasini tez va qulay olishi mumkin.

 Baraka kartasining keng imkoniyatlair bilan bu yerda va Baraka ilovasining qulayliklari bilan bu yerda batafsil tanishishingiz mumkin. Ilovani hoziroq yuklab oling va kartangizni ulab, qulay foydalaning.