Baraka ilovasi yangilanmoqda: asosiy ekranda ikkita rejim va maxsus qulaylik sozlamalari paydo bo‘ladi

10.2026., Samarqand, O‘zbekiston — Baraka ilovaning yangilangan versiyasini taqdim etdi: 10-noyabrdan boshlab foydalanuvchilar uchun “Moliya” va “Ijtimoiy” bo‘limlari paydo bo’ladi, shuningdek, ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lgan foydalanuvchilar uchun maxsus rejim joriy etiladi.
Ushbu yangiliklar 21–22-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Bolalar farovonligiga investitsiyalar» Butunjahon sammitida namoyish etildi. Baraka stendi bilan xorijiy davlatlarning birinchi xonimlar, vazirlar va xalqaro ekspertlar tanishdilar.
Kundalik vazifalar uchun yangi interfeys

10-noyabrdan e’tiboran Baraka mobil ilovasi asosiy ekranning yangilangan dizayniga ega bo‘ladi. Yagona tasmali ko‘rinish o‘rniga interfeys ikkita rejimga bo‘linadi:
- Moliya: balans, kartalar ro‘yxati, tranzaksiyalar tarixi va to‘lovlarga tezkor kirish tugmalarini (to’lovlar, o’tkazmalar va QR kod) bir joyga jamlaydi.
- Ijtimoiy xizmatlar: to‘lovlar va imtiyozlar haqidagi ma’lumotlar, arizalar topshirish hamda ularning maqomini kuzatish funksiyalarini o‘z ichiga oladi.
Bunday ajratish foydalanuvchilarni umumiy ro‘yxatdan kerakli funksiyalarni uzoq qidirish tashvishidan xalos etadi. Bundan tashqari, “Maxsus imkoniyatlar” bo‘limida “Zaif ko’ruvchilar rejimi” paydo bo‘ladi. Ushbu rejim orqali matn hajmini, kontrastlikni hamda yorug‘/qorong‘i mavzuni oldindan ko‘rish oynasida sozlash mumkin. Yangi parametrlar ko‘rish qobiliyati cheklangan insonlarga Baraka ilovasidan yanada ishonchli foydalanishga yordam beradi.

«Raqamli servislar yoshi, salomatlik holati va hayotiy sharoitlaridan qat’i nazar, insonlarga kundalik vazifalarni mustaqil hal etish hamda zarur xizmatlarni olishda ko‘maklashishi biz uchun muhim. Maxsus qulayliklar — shunchaki qo‘shimcha funksiya emas, balki Baraka loyihasini ko‘pchilik uchun foydali qilish va davlat xizmatlaridan foydalanishdagi to‘siqlarni kamaytirish imkoniyatidir», — deb ta’kidladi Baraka loyiha offisi rahbari Rustamxon Azizov.
Servis ko‘lami haqida
Bugungi kunda Baraka kartasidan 1,8 milliondan ortiq kishi foydalanmoqda, har oy 500 mingdan ziyod foydalanuvchio‘z ijtimoiy to‘lovlarini ushbu kartaga qabul qilib oladi. Ilova orqali 80 dan ortiq ijtimoiy yordam turlari bo‘yicha ariza topshirish, 19 turdagi rasmiy hujjatlarni elektron ko‘rinishda rasmiylashtirish mumkin. Kartaning o‘zi esa 5 ta guvohnomani (jumladan, pensiya va talabalik guvohnomalarini) o‘rnini bosadi.
Karta Aloqabank va Xalq banki bilan hamkorlikda Visa to‘lov tizimi bazasida bosib chiqariladi. 16 ta ijtimoiy toifa vakillari uchun karta bepul chiqariladi.
Loyiha haqida batafsil: https://baraka.gov.uz/
