Talabalar uchun Baraka kartasi: nimalarni bilish muhim?

Talabalar uchun Baraka kartasi: nimalarni bilish muhim?

2026/2027-o’quv yilida 1-bosqichga qabul qilingan talabalarning stipendiyasi Baraka kartasi orqali to’lanadi.

Xo‘sh, talabalar Baraka kartasini qanday olishadi va stipendiyalar qaysi tartibda ushbu kartaga o‘tkaziladi? Quyida ushbu jarayon bilan batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

1. Kartani olish va stipendiya tushish tartibi

Talabalarning qaysi bosqichda tahsil olayotganiga qarab Baraka kartasini rasmiylashtirish tartibi quyidagicha ajratiladi:

1-bosqich talabalari uchun. Joriy o‘quv yilida 1-bosqichga qabul qilingan talabalarning stipendiyasi  Baraka kartasi orqali to‘lanadi. Ushbu kartalar talabalar uchun AloqaBank tomonidan chiqariladi hamda OTM va bank o‘rtasidagi hamkorlik asosida tayyorlanib, talabalarga topshiriladi.

Yuqori kurs talabalari uchun. Yuqori bosqich talabalari Baraka kartasini Baraka ilovasi orqali mustaqil ravishda buyurtma qilishlari mumkin. Agar stipendiyangiz hozirda boshqa bank kartasiga tushayotgan bo‘lsa, yangi Baraka kartasini qo‘lga kiritganingizdan so‘ng, keyingi to‘lovlar avtomatik tarzda ushbu yangi kartaga o‘tkazila boshlaydi.

Muhim eslatma. Ushbu yangi tartib barcha oliy ta’lim muassasalarining yuqori kurs talabalariga birday  taalluqli emas. Davlat OTMlari Baraka tizimiga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Hozirgi kunda taxminan 500 ming nafar talaba Baraka kartasidan foydalanib kelmoqda.

2. Karta narxi va to’lov shartlari

Bepul taqdim etilishi.  Agar siz davlat oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lsangiz, Baraka kartasi sizga bepul taqdim etiladi.

Qaysi hollarda to‘lov undiriladi? OTM talabalari quyidagi ikki holatda karta uchun haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi:

  1. Karta yo‘qotib qo‘yilganda va uning o‘rniga yangisi buyurtma qilinganda;
  2. Karta yaroqsiz holga kelganda yoki unga jismoniy shikast yetganda.

3. Karta o’z vaqtida tayyor bo’lmasa nima bo’ladi?

Agar Baraka kartasi belgilangan muddatda tayyor bo‘lmay qolsa, talabaning stipendiya mablag‘lari kechikmaydi — pul to‘lovlari talabaning oldin ishlatib yurgan bank kartasiga tushiriladi.

Baraka kartasi orqali  talabalar chet elga pul o’tkazish yoki xorijiy to’lov tizimlaridan foydalanishlari mumkin.