“Baraka” imkoniyatlari ijtimoiy karta doirasidan kengaymoqda: nafaqalar, to‘lovlar, hujjatlar va transport uchun yagona karta
03.11.2026“Baraka” imkoniyatlari ijtimoiy karta doirasidan kengaymoqda: nafaqalar, to‘lovlar, hujjatlar va transport uchun yagona karta
“Baraka” servisi davlat nafaqalari, kundalik to‘lovlar, raqamli hujjatlar va transport kartasi funksiyalarini birlashtiruvchi karta va ilovaning yangilangan formatini taqdim etdi. “Aloqabank” va Xalq banki bilan hamkorlikda chiqarilgan karta to‘laqonli Visa-karta sifatida ishlaydi – undan O‘zbekistonda va chet elda foydalanish mumkin.
“Baraka” servisi davlat ijtimoiy ko‘magidan foydalanishning umumiy nuqtasi sifatida ishlab chiqilgandi: u orqali belgilangan nafaqalarni olish, ijtimoiy xizmatlarga ariza topshirish va ularni boshqarish mumkin. Bugungi kunda servis imkoniyatlari nafaqalar bilan kifoyalanib qolmaydi. “Aloqabank” va Xalq bankining Visa-kartasi kundalik xaridlar va onlayn-to‘lovlar uchun to‘g‘ri kelish barobarida davlat tizimlari bilan bevosita aloqani saqlab qoladi. “Baraka” kartasi va ilovasi yordamida, bir qancha hujjatni ko‘tarib yurish zaruratisiz, davlat nafaqalarini olish, yo‘l haqini to‘lash va shaxsni tasdiqlash mumkin.
Bitta karta – ko‘plab vazifalar
“Baraka” kartasi bir o‘zida to‘rtta muhim funksiyani qamrab oladi va bank, ijtimoiy yordam, transport va identifikatsiya kartasi rolini bajaradi.
Ilovada yana kundalik molyaiviy amaliyotlarni ham bajarish mumkin: kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazish, kommunal to‘lovlar qilish va kartani to‘ldirish. “Baraka”ni istalgan Uzcard yoki Humo kartasidan bevosita yoxud ilova orqali to‘ldirish mumkin.
“Baraka”da raqamli hujjatlar ham mavjud, ular yuridik kuchga ega bo‘lib, O‘zbekistonda rasman tan olinadi. Jami ilovada 19 ta raqamli hujjat mavjud bo‘lib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, haydovchilik guvohnomasi, shahodatnomalar, ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar, talabalik guvohnomasi va boshqalar ular sirasiga kiradi. Shuningdek, karta talaba guvohnomasi, nogironlik to‘g‘risidagi guvohnoma, talaba pasportining o‘rnini bosishi va maktab o‘quvchi hamda urush qatnashchisining ijtimoiy maqomini tasdiqlashi mumkin.
“Baraka” – Visa xalqaro tarmog‘ida
“Baraka” kartasi Visa xavfsizlik standartlariga muvofiq keladi va O‘zbekistonda hamda dunyodagi 200 dan ziyod mamlakatda POS-terminallarda, bankomatlarda va onlayn to‘lovlarda qabul qilinadi. Xolis QR va UzQR qo‘llab-quvvatlanadi, kelgusida Tez QR, Rahmat QR va ATTO QR bilan integratsiyalashuv rejalashtirilgan.
ATTO transport kartasi
“Baraka” plastik kartasi jamoat transportida yo‘l haqini to‘lash uchun to‘laqonli ATTO kartasi sifatida ishlatilishi mumkin. Unda ATTOdagi 4 ta tarifning barchasi qo‘llaniladi:
- Transferli tarif (bir soat ichidagi keyingi qatnashlarga chegirma);
- Oylik tarif (muayyan davr uchun limitli va limitsiz yo‘l abonementlari);
- Imtiyozli tarif (talabalar, o‘quvchilar, pensionerlar va boshqa toifalar uchun 50% chegirma);
- Qonunchilikda ko‘zda tutilgan 8 ta imtiyozli aholi toifasi uchun bepul qatnash.
Hozirgi bosqichda yo‘l haqini to‘lash va imtiyozli tariflar faqat “Baraka” plastik kartasidan foydalanganda amal qiladi. Ilovada ATTO QR orqali to‘lash imkoniyati keyinroq yaratiladi.
Davlat nafaqalari va kundalik xarajatlar uchun karta
Ilovada 60 dan ortiq davlat ijtimoiy to‘lovlari va xizmatlari uchun ariza topshirish, ularni kuzatib borish va boshqarish mumkin. Navbatda turish, ortiqcha hujjatlar to‘plash va o‘z maqomini bir necha marta tasdiqlashga hojat yo‘q.
Nafaqalar, stipendiyalar, ishga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish to‘lovlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kartaga o‘tkaziladi. To‘lovlar maqomi va kelib tushishini “Baraka” ilovasida nazorat qilish mumkin. Kartadagi ijtimoiy mablag‘lar qonunchilik bilan himoyalangan: banklarga kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun ijtimoiy to‘lovlarni avtomatik yechib olish taqiqlangan. Bu davlat qo‘llab-quvvatlovini foydalanuvchining boshqa moliyaviy majburiyatlaridan alohidalash imkonini beradi.
“Baraka” bilan talabalik hayoti qulaylashadi
Karta imkoniyatlari bir nechta odatiy vositalarni birlashtiradi: bank kartasi, talabalik guvohnomasi, hujjatlar va transport kartasi funksionali. Stipendiya kartaga tushadi, talabalik guvohnomasi va yo‘l haqi abonementi esa ilovada, raqamli shaklda bo‘ladi.
Visa tizimi bilan integratsiya tufayli, o‘qishda va kundalik talabalik hayotida ayniqsa dolzarb bo‘lgan xorijiy onlayn-servislar va obunalar haqini to‘lashda kartadan foydalanish osonlashadi. Bundan tashqari, “Baraka” bilan kartadan kartaga pul o‘tkazish va kommunal xizmatlar haqini to‘lash mumkin, shu sababli bir nechta servislardan foydalanishga hojat qolmaydi.
“Baraka” kartasi qanday olinadi?
“Baraka” virtual kartasini istalgan foydalanuvchi bepul ochtirishi mumkin. Plastik kartani chiqarish 40 000 so‘m turadi. Kartani “Baraka” ilovasi orqali olish mumkin: ro‘yxatdan o‘tib, kerakli ma’lumotlarni ko‘rsatish va buyurtmani rasmiylashtirish yetarli. Plastik kartalar “Aloqabank” va Xalq banki orqali chiqariladi, tayyor kartani bankning o‘zingiz tanlagan bo‘limidan olib ketish mumkin.
Ilovani yuklab olish: Android va iOs
“Baraka” ilovasi va kartasi to‘g‘risida batafsil: https://baraka.gov.uz/ru/