Back to News page

1-iyundan ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini Baraka ilovasi orqali to’lash imkoni paydo bo’ldi

08.06.2026

Agar siz rasmiy ish joyiga ega bo’lmasangiz, homiladorlik yoki kasal bo’lganda sizga nafaqa puli beriladi. Buning uchun ijtimoiy ixtiyoriy sug’urta badallarini to’lab yurgan bo’lishingiz kerak. Bundan tashqari, qonunchilikda keltirilgan ayrim shartlarga to’g’ri kelishingiz ham kerak. Bu shartlar qanday ekani va badallarni to’lash tartibi haqida ushbu maqola orqali bilib olishingiz mumkin.  

2026-yildan boshlab O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etildi. Bu fuqarolarni kasallik, homiladorlik, ishsizlik kabi og‘ir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolib ketishdan himoyalaydi. Yangi tizim doirasida nafaqalar endilikda ish beruvchi hisobidan emas, balki Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi. Bu esa davlat va xususiy sektorda ishlovchi barcha fuqarolar uchun teng ijtimoiy kafolatlar yaratilishini anglatadi.

 3 xil turdagi sug‘urtadan foydalana olasiz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-206-son Farmoniga muvofiq, quyidagi nafaqalar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanishi belgilanmoqda:

2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi — ayollarning tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyingi davri uchun to‘lanadi;

 2026-yil 1-iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi — xodimlarning kasalligi sababli mehnatga layoqatsiz bo‘lgan davri uchun to‘lanadi;

2030-yildan ishdan bo‘shatish nafaqasi — xodim ishdan bo‘shatilganligi uchun to‘lanadi.

Kimlar vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish huquqiga ega?

  1. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan majburiy asosda qamrab olingan, sug‘urta stajiga ega barcha shaxslar:
  • ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomasi asosida ishlayotganlar;
  • fuqarolik-huquqiy shartnoma (FHQ) asosida xizmat ko‘rsatayotgan (ish bajarayotgan) shaxslar;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lganlar.
  1. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan ixtiyoriy asosda sug‘urtalanadigan shaxslar:
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;
  • dehqon xo‘jaligida band bo‘lgan shaxslar;
  • shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila a’zolari;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan tashkilotlarda ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • chet elda yollanib ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida daromad keltiradigan faoliyatni amalga oshiradigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
  • ishlamaydigan fuqarolar, ular uchun sug‘urta badali eri (xotini) tomonidan to‘langanda;
  • yuridik shaxslarning muassislari (ishtirokchilari) sifatida daromadlar oladigan fuqarolar;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan “Hunarmand” uyushmasining a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari;
  • faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiradigan oila a’zolari;
  • dehqon xo‘jaligining boshlig‘i.

Sug’urta nafaqasi olish uchun minimal staj talablari qanday?

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun kamida 10 oy sug‘urta staji (oxirgi 6 oy uzluksiz);

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun kamida 6 oy sug‘urta staji talab etiladi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun alohida badal to‘lanadimi?

Yo‘q, to‘langan sug‘urta badali ikkalasi uchun ham inobatga olinadi. Ya’ni siz bitta badal to’laysiz va u badal sizni ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, ham vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish huquqini beradi.

Ixtiyoriy sug‘urtada minimal oylik badal — 63 550 so’mdan (MHTEK ning 5%) istalgancha ko’proq to’lash mumkin, yuqori chegara belgilanmagan.

1-iyundan ixtiyoriy ijtimoiy sug’urta badalini Baraka ilovasi orqali to’lashingiz mumkin. Pul toʻgʻridan-toʻgʻri sizning Baraka ijtimoiy kartangizga yoki bank kartangizga tushadi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik uchun to’lanadigan ixtiyoriy badal qancha muddat davomida to’lab boriladi?

Sug‘urta nafaqalari fuqarolarning sug‘urta stajidan kelib chiqib tayinlanadi. Ixtiyoriy sug‘urta badalini ko‘roq va doimiy, uzoq muddat to‘lagan fuqaroga sug‘urta stajiga mutanosib ravishda nafaqa ham ko‘proq tayinlanadi. Shu bilan birga ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslarga homiladorlik  va tug‘ish nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda tayinlanadi.

Agar fuqaro ixtiyoriy asosda sug’urta to’lagan bo’lsa, homiladorlik va tug’ish nafaqasi uchun hisoblanadigan nafaqa miqdori, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik uchun to’lanadigan nafaqadan qanday farq qiladi?

Ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun ikkala nafaqaning hisoblash metodikasi ta’til kunlari va o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib bir xil:

– homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha to‘lanadi.

– vaqtincha mehnatga layoqatsizlik uchun nafaqa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida belgilangan ishdan ozod etilgan kunlardan (ta’til kunlari) kelib chiqib hisoblanadi, biroq bir kalendar yilda 182 kundan oshmaydi.

Rasmiy ish joyiga ega bo’lmagan qaysi toifalar kasal bo’lganda nafaqa olishi mumkin?

Agar ixtiyoriy sugʻurta badali ishlamaydigan eri (xotini) va yuridik shaxslarning muassislari (ishtirokchilari) sifatida daromadlar oladigan fuqarolar uchun to’langanda, ular sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida yoki yasama a’zo (protez) qo‘ydirish uchun reabilitatsiya muassasalarida yotganda 2026-yil 1-iyuldan ularga ham nafaqa berilishi mumkin. 

Faqat quyidagi 2 ta holatda nafaqa olishlari mumkin:

Shifokor tavsiyasi bilan sanatoriy va sogʻlomlashtirish maskanlarida davolanganida;

Protez (yasama aʼzo) qoʻydirish uchun maxsus reabilitatsiya markazlariga yotganda.

Ixtiyoriy sug’urta badali to’lagan fuqaro kasal bo’lsa, qancha muddat davomida jamag’armadan pul olishi mumkin?

Ixtiyoriy asosda sug’urtalangan shaxs (ish beruvchisi yo’q bo’lsa), kasallikning dastlabki 5 kuni uchun haq to’lanmaydi — 6-kundan boshlab nafaqa beriladi.

Nafaqa kasal bo’lgan kunlar davomida to’lanadi — ya’ni qancha kunga kasallik varaqasi berilsa, shuncha kun uchun (birinchi 5 kunni hisobga olmagan holda) sug‘urta stajidan kelib chiqib:

  • Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganda → o’rtacha ish haqining 60%
  • Sug‘urta staji 8 yildan ortiq bo‘lganda o’rtacha ish haqining 80% miqdorida to‘lanadi.

 Ixtiyoriy sug‘urta badali to’lagan fuqaroga qancha miqdorda nafaqa beriladi?

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun ixtiyoriy tarzda har oyda to‘langan sug‘urta badallarini oylik ish haqiga aylantirgan holda hisoblanadi. Bunda ushbu kichik bandga muvofiq bir oylik ish haqi miqdori 2026 yil 1 yanvardan boshlab har oy to‘langan sug‘urta badali summasini, uni to‘lash davrida amalda bo‘lgan sug‘urta badali stavkasiga bo‘lish hamda olingan natijani 100 foizga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Misol: sug‘urtalangan shaxs o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ixtiyoriy ravishda 2026 yil yanvar uchun Jamg‘armaga bir yuz ellik ming so‘m miqdorda sug‘urta badali to‘ladi. Ushbu fuqaroga nafaqa hisoblashda uning 2026 yil yanvar uchun 3 000 000 so‘m miqdorda ish haqi aniqlanadi:

Bir oylik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:

to‘langan sug‘urta badali (bir yuz ellik ming) ÷ sug‘urta badali stavkasi (2026 yil uchun sug‘urta badali stavkasi — 5 foiz) × 100%= 3 000 000 so‘m.

Aniqlangan bir oylik ish haqi miqdori nafaqa hisoblanayotgan sug‘urtalangan shaxsga o‘rtacha bir oylik ish haqi sifatida inobatga olinadi.

Baraka ilovasini yuklab olib va ixtiyoriy ijtimoiy sug’urta uchun badal to’lang. O’zingizni ijtimoiy himoyalang.

Ilovani yuklab olish.

 Homiladorlik va tug’ish nafaqasini olish tartibi va to’lov haqida bu yerda batafsil tanishishingiz mumkin.