Ijtimoiy reyestr (kam ta’minlangan va kambag‘al oilalar)
Agar qarzdorlik summasi juda katta bo’lsa-chi?
Bunday holda yordam miqdori Jamg'arma imkoniyatidan kelib chiqib qisman qoplanishi yoki to'lov bosqichma-bosqich (keyingi oylarga bo'lib) amalga oshirilishi mumkin (18-band).
Murojaat rad etilishi mumkinmi?
Ha. Agar oilada mehnatga layoqatli, ammo asossiz ishlamayotgan shaxslar bo'lsa yoki oila boshqa manbalardan yordam olgan bo'lsa, "Mahalla yettiligi" rad etish haqida qaror qabul qilishi mumkin (18-19-bandlar).
Qarzdorlikni qoplash uchun qanday hujjat kerak?
Kommunal xizmat ko'rsatuvchi tashkilotdan olingan qarzdorlik mavjudligi haqidagi ma'lumotnoma (invoyis) ijtimoiy xodimga taqdim etilishi lozim.
Yordam miqdori qancha bo’lishi mumkin?
Qarzdorlik miqdori va oilaning ehtiyojidan kelib chiqib, mahalla uchun ajratilgan oylik limit doirasida "Mahalla yettiligi" tomonidan belgilanadi (18-band).
Qarzdorlik uchun pul fuqaroning o’ziga beriladimi?
Yo‘q. Mablag‘lar naqd pulsiz shaklda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning (Hududiy elektr tarmoqlari, Hududgazta'minot va h.k.) hisobvarag'iga o'tkaziladi (21-band).
Kimlar kommunal qarzdorligini yoptirish huquqiga ega?
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar
Qarzdorlikni qoplash muddati qancha?
Murojaat tushgan kundan boshlab, ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganish va "Mahalla yettiligi" tomonidan yakuniy qaror qabul qilinishi 10 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Ushbu yordam turi Nizomda qanday belgilangan?
Nizomning 13-bandiga ko'ra, Jamg'arma mablag'lari Hukumat yoki Agentlik qarorlariga binoan ro'yxatda ko'rsatilmagan boshqa ijtimoiy maqsadlarga, shu jumladan yig'ilib qolgan kommunal qarzdorliklarni yopishga yo'naltirilishi mumkin.
Ushbu yordamning huquqiy asosi nima?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 313-son qarori.