Yangiliklar sahifasiga qaytish

ATTO’ning barcha tarif va paketlari endi Baraka kartasida amal qiladi

27.10.2026

ATTO’ning barcha tarif va paketlari endi Baraka kartasida amal qiladi

Endi Baraka ijtimoiy kartasi egalari jamoat transportida yo‘l haqi to‘laganlarida ATTO tizimidagi barcha imtiyoz, tarif va tarif paketlaridan cheklovlarsiz to‘liq foydalanishlari mumkin.

Baraka kartasi qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

Baraka kartangiz orqali transport to‘lovlarini amalga oshirganingizda, ATTO kartalari uchun amal qiluvchi barcha qulayliklar avtomatik tarzda qo‘llanadi:

Barcha turdagi paketlar (kunlik, oylik, yillik):
ATTO tizimidagi kabi belgilangan muddatli paketlarni xarid qilishingiz mumkin. Muayyan summani bir marta to‘laysiz va tanlangan muddat davomida jamoat transportidan cheksiz foydalanasiz.

Imtiyozli tariflar:
Talabalar, nafaqaxo‘rlar va boshqa imtiyozli toifadagi fuqarolar uchun belgilangan maxsus tarif rejalari Baraka kartasida ham to‘liq amal qiladi.

Arzonlashtirilgan transport almashinuv tarifi:
Yo‘l haqi to‘langanidan so‘ng 1 soat ichida boshqa transport vositasiga o‘tsangiz, ATTO tizimidagidek chegirmali va tejamkor narxlar saqlanib qoladi.

Bepul yurish huquqiga ega bo‘lganlar uchun:
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lsangiz, Baraka kartangizni terminalga tekkizishning o‘zi kifoya. Tizim imtiyozingizni avtomatik aniqlaydi va kartadan mablag‘ yechmaydi.

Tarif paketlarini qayerdan sotib olish mumkin?

Baraka kartangizga kerakli tarif rejalarini quyidagi manbalar orqali ulashingiz mumkin:

  1. ATTO mobil ilovasi orqali;
  2. Uzpost (O‘zbekiston pochtasi) bo‘limlarida;
  3. Metro bekatlaridagi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari orqali.

Kutilayotgan yangilik

Tez orada Baraka mobil ilovasining o‘zida ATTO QR-kod funksiyasi ishga tushiriladi. Bu orqali transportda to‘lovlarni hatto kartasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefoningizdagi Baraka ilovasi orqali bajarish imkoniga ega bo‘lasiz!

Imkoniyatlardan hoziroq foydalaning, Baraka mobil ilovasini yuklab oling va Baraka kartasiga buyurtma bering!