Xalqaro sammitda «Baraka» ijtimoiy karta loyihasi namoyish etildi
26.10.2026
Xalqaro sammitda «Baraka» ijtimoiy karta loyihasi namoyish etildi
Samarqand shahrida 21–22-oktabr kunlari 100 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida “Bolalar farovonligiga investitsiya” nomli nufuzli xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi. Bolalarning sog‘lom, xavfsiz hamda munosib sharoitda ulg‘ayishi uchun zarur yechimlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan ushbu anjumanda «Baraka» ijtimoiy karta loyihasi o‘z imkoniyatlarini xalqaro hamjamiyatga namoyish etdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada «Baraka» loyihasi stendi mahalliy va xorijiy ishtirokchilar hamda yuqori martabali mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi.
«Baraka» stendiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamda Turkiya Respublikasining Birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an va boshqa nufuzli mehmonlar tashrif buyurishdi.
Oliy darajadagi mehmonlar va xalqaro tashkilotlar vakillari «Baraka» ijtimoiy kartasining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, ushbu innovatsion loyiha haqida o‘zlarining samimiy va iliq taassurotlarini bildirishdi.
Loyiha ofisi direktori Rustamxon Azizov mehmonlarga taqdimot o‘tkazib, mobil ilova hamda ijtimoiy kartaning maqsad va imkoniyatlarini namoyish etdi. Xususan, barcha ijtimoiy to‘lov hamda nafaqalarning bitta kartaga biriktirilishi, ilova orqali 80 dan ortiq davlat xizmatlariga onlayn ariza topshirish imkoniyati va boshqa muhim afzalliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.