Back to News page

Baraka kartasi “Inson qadri uchun” g‘oyasiga qanday xizmat qiladi?

24.12.2025

O‘zbekistonda 2023-yilda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil qilindi. Agentlik ish boshlaganidan beri “Inson qadri uchun” tamoyili bo‘yicha ish yuritadi. Buning bir misoli Baraka kartasida ko‘rinadi. Loyiha “Inson qadri uchun” g‘oyasiga qaday xizmat qila oladi?

Baraka kartasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yagona raqamli tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy karta axborot tizimini joriy etish va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari yotadi.
Bu huquqiy hujjatlar fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan ortiqcha harakat va xarajatlarsiz oson foydalanishlari uchun imkoniyat yaratdi. Bu yo‘lda Baraka loyihasi asosiy dastaklardan biriga aylandi.

“Inson qadri uchun” g‘oyasi amalda nimani anglatadi?
Ancha vaqtdan beri o‘zbekistonliklar o‘zlariga kerakli hujjatlarni olish uchun bir nechta idoralarga borishga majbur bo’lib kelishardi. Bu uzoq navbatlar va kutishlarsiz hal bo‘lmasdi. Bu jarayonda fuqarolar nafaqat vaqt yo‘qotishlari, balki asabiylashish va qo‘shimcha xarajatga ham duch kelishardi. Endi esa Baraka loyihasi orqali bu jarayonlar raqamlashtirilib, fuqarolarga qulay tizim yaratilyapti. Bu tizim – oddiy, shaffof va insonni qadrlaydigan.
“Inson qadri uchun” degani har bir insonning vaqti, sha’ni va ishonchini qadrlash demakdir. Bu davlat fuqarolarga bir tomonlama yordam jo‘natadigan emas, balki fuqarolarning o‘zi ham o‘z huquqlaridan foydalanishda faol ishtirokchiga aylanishidir.

Baraka — fuqarolar va davlat tizimlari o‘rtasidagi ko‘prik
Baraka — fuqarolarni davlat tizimlari bilan uzviy bog‘laydigan ko‘prik vazifasini bajaradi. Loyiha doirasida ijtimoiy karta, Baraka mobil ilovasi va yagona davlat tizimi ishga tushadi.
Baraka kartasi bu – Visa kartasi, bank kartasi, transport kartasi, talabalar guvohnomasi, nafaqa guvohnomasi, mehnat varaqasi va boshqa hujjatlar vazifasini bajaradi. Ya’ni u fuqarolarning davlat xizmatlariga kirishdagi raqamli kaliti hisoblanadi.

Baraka mobil ilovasi orqali fuqarolar o‘z nafaqalari yoki ijtimoiy yordamlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi, kuzatishi va foydalanishi mumkin. Ilova yordamida to‘lovlar va P2P o‘tkazmalarni amalga oshirish, muhim hujjatlardan foydalanish va yuklab olish mumkin.
Yagona davlat tizimi – Ijtimoiy xizmatlar, banklar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni xavfsiz tarzda bog‘lab, ijtimoiy to‘lovlarni shaffof va adolatli tarqatilishini ta’minlaydi. Bu uch qism birgalikda Barakani oddiy moliyaviy mahsulot emas, balki fuqaro markazida bo‘lgan raqamli tizimga aylantiradi.
(Batafsil bu yerda o‘qishingiz mumkin)
Baraka’ning asosiy tamoyillari
Baraka kartasi tezlik, aniqlik, hamma uchun kirish imkoniyati borligi va xavfsizlik mezonlariga asoslandi.
Tezlik — yordamlar odatdagidan tezroq yetkaziladi.

Aniqlik — fuqarolar o‘z huquqlari va xizmatlar haqida aniq ma’lumot oladi.

Kirish imkoniyati — barcha fuqarolar, xorijiy rezidentlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham Baraka’dan foydalana oladi.

Xavfsizlik — mablag’laringiz firibgarlardan himoya qilinadi va xarajatlaringizni nazorat qila olasiz.

Fuqarolar Baraka’ga ishonadi, chunki…
Baraka — davlat tomonidan yaratilgan tizim bo‘lib, uning yagona maqsadi — yordamni odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shaffof tarzda yetkazishdir. Bu tizim fuqarolardan byurokratiyaga moslashishni talab qilmaydi, aksincha u fuqarolarning ehtiyojlariga moslashadi. Shu sababli Baraka shunchaki texnologiya emas. U O‘zbekistonning adolat va inklyuzivlikni muhim hisoblashini anglatadi. U ijtimoiy himoyaning zamonaviy, insoniy va hurmatli shaklda amalga oshishini ta’minlaydi.