Xarid qanday tasdiqlanadi?

Materiallar yoki moslamalar yetkazib berilgach, yordam oluvchi o‘z telefoniga kelgan SMS-tasdiq kodini sotuvchiga ma'lum qilishi orqali jarayon yakunlanadi (37-band).

Agar boshqa jamg‘armadan yordam olingan bo‘lsa-chi?

Agar uy-joyni moslashtirish xarajatlari ayni shu davr uchun boshqa ijtimoiy dasturlar yoki manbalar hisobidan qoplangan bo‘lsa, takroran yordam berilmaydi (12-band).

Yordam olish uchun qanday shartlar bor?

Yashash sharoitini moslashtirish uchun — Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning reyestriga kiritilgan shaxslar. Bunda oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar Ijtimoiy reyestrda turishi yoki oylik oʻrtacha jami daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilaning aʼzosi boʻlishi lozim.

Kerakli materiallar uyga bepul yetkaziladimi?

Ha. Tanlangan qurilish materiallari va uskunalarini sotuvchi (tadbirkor) yordam oluvchining uyigacha yetkazib berishga mas’ul hisoblanadi (45-band).

Moslashtirish doirasida qanday ishlar amalga oshiriladi?

Kirish yo‘liga pandus qo‘yish, oshxona, yotoqxona va yuvinish xonalariga tutqichlar (poruchniy) o‘rnatish, eshiklarni kengaytirish va boshqa texnik moslamalar o‘rnatish (32-band).

Uy-joyni moslashtirish xizmati o‘zi nima?

Bu nogironligi bo‘lgan va harakati cheklangan shaxslarning uyida to‘siqsiz harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish (pandus o‘rnatish, tutqichlar qo‘yish va h.k.) tadbiridir.