Back to News page

Ijtimoiy karta nima?

10.12.2025

O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi(IHMA) tarkibida “Ijtimoiy karta” tizimi joriy etilyapti. Bu tizim orqali fuqarolar davlat ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanishi qulaylashadi, barcha hujjatlar yagona raqamli platformaga jamlanadi va navbatlar yo‘qoladi. Xo‘sh, bu nima degani, ijtimoiy karta nima, u sizning hayotingizni qanday yaxshilaydi yoki qo‘shimcha yengilliklar beradi? 

Baraka ijtimoiy kartasi nima?

Ijtimoiy karta bu — bank kartangiz va shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, shuningdek, transport kartasi, nogironlikni belgilovchi hujjat, talaba guvohnomasi vazifalarini bajaradi. Uni pasport yoki ID kartangizga o’xshab o’zingiz bilan olib yursangiz va bir vaqtning o’zida karta bilan savdo ham qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, karta shaxsning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholining bir yoki bir nechta toifalariga mansubligini ko‘rsatadi. Xuddi shu kartaga esa Baraka nomi berilgan, ya’ni Baraka kartasi O’zbekistonda yagona ijtimoiy karta hisoblanadi. Baraka kartasi Baraka mobil ilovasini o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy karta Baraka mobil ilovasiga biriktiriladi va u orqali boshqariladi. 

Fuqarolarga qanday imtiyozlar beradi?

Baraka ijtimoiy kartasi orqali quyidagi davlat xizmatlari va imtiyozlaridan foydalanish mumkin:

–  jamoat transportida imtiyozli tariflarni ishlatish;

– tibbiy xizmatlar, dorilar, protez ortopediya vositalari uchun mablag‘ olish;

– ijtimoiy yordam, subsidiyalar va boshqa to‘lovlar avtomatik tarzda karta hisobiga o‘tkaziladi;

– to‘lov yoki imtiyoz olish paytida karta maxsus terminalga (POS yoki raqamli tizim) ulanadi va tranzaksiya amalga oshiriladi.

Baraka ilovasi haqida
Fuqarolar Baraka mobil ilovasi orqali turli to‘lovlarni amalga oshirishlari, o‘z imtiyozlarini aniqlash va uni qo‘llay olishlari, turli xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, ilovada raqamli hujjatlar bo’limi ham bor. U yerda shaxsga oid 17 turdagi hujjat saqlanadi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan tortib, guvohnomalar va ta’lim diplomlarigacha ilovadan topishingiz mumkin.
Ilovada saqlanadigan 17 turdagi raqamli hujjatlar to’liq ro’yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Baraka ijtimoiy kartasi kimlarga bepul beriladi?
Sizda Baraka ijtimoiy kartasi uchun haq to’laymanmi yoki bepul ham olsam bo’ladimi degan savol paydo bo’lishi tabiiy. Kartaning narxi 40 ming so’m. Biroq kartani pul to’lamay ham olish mumkin. Faqat buning uchun siz qonunchilik hujjatlarida tasdiqlangan 15 toifadagi shaxslardan biri bo’lishingiz kerak. Qolgan hollarda bank tomonidan belgilangan miqdorni to’lagandan so’ng karta olasiz.
Baraka ijtimoiy kartasi bepul muomalaga chiqariladigan va foydalanish uchun taqdim etiladigan shaxslar toifasi to’liq ro’yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Baraka kartasini Baraka ilovasi orqali osongina olish mumkin
Baraka kartasini olish uchun arizani Baraka mobil ilovasi orqali jo‘natishingiz mumkin. Bu eng tez va oson yo‘llardan biri. Chunki bunda ishingiz oson bitadi. Ilovani App store yoki Google Play Store orqali yuklab olasiz, ilovadagi buyruqlarni ketma-ket bajarasiz, shaxsingizni tasdiqlovchi ma’lumotlaringizni kiritasiz va Baraka kartasiga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, kartaga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Xalq banki yoki Aloqabank orqali ham buyurtma berishingiz mumkin.
Ariza tasdiqlangach, kartani Xalq banki yoki Aloqabankdan olishingiz mumkin. Kartani jismoniy shaklda ham, elektron ko‘rinishda ham ishlatish mumkin. Harakatga layoqatsiz kishilar uchun karta uyga yetkazib beriladi.

Ishonch telefoniga qo‘ng‘riroq qiling
Ijtimoiy kartani olish va foydalanish masalalari boʻyicha IHMAning “1070” qisqa raqamli telefoni faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Qo’shimcha ma’lumot olish uchun shu raqamga qo’ng’iroq qilishingiz mumkin.

Baraka loyihasi sizning xavfsizligingiz uchun qayg‘uradi
Davlat organlari kartaning ishlatilishini real vaqt rejimida kuzatadi. Fuqarolar masofadan turib ham xizmatlarga murojaat qilishi va mablag‘ni qabul qilishi mumkin.
Kartaning xavfsizlik va maxfiyligi ta’minlangan. Har bir karta noyob raqam bilan himoyalangan. Faqat ro‘yxatdan o‘tgan xizmatlar va imtiyozlar karta orqali olinadi, boshqa ma’lumotlar bazaga kiritilmaydi.
Qisqacha aytganda: ijtimoiy karta bu – sizning barcha ijtimoiy imtiyozlaringizni jamlovchi, ularni elektron tarzda boshqarish va xizmatlarni masofadan yoki terminal orqali olish imkonini beruvchi raqamli vosita.

Muhim! Baraka tizimi xizmatlaridan barcha fuqarolar, xorijiy rezidentlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham foydalanishi mumkin. Jarayonlar IHMA tomonidan nazorat qilinadi va shaffoflik ta’minlanadi.