Back to News page

Baraka kartasini qanday buyurtma qilish mumkin?

18.12.2025

Aziz foydalanuvchilar, agar karta olishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, buni juda oson hal qilishingiz mumkin. Qanday qilib deysizmi? “Baraka” kartasini olish uchun quyidagi soddalashtirilgan usullardan foydalanishingiz mumkin.

Eng oson va qulay yol – mobil ilova. App Store yoki Google Play’dan Baraka ilovasini yuklab, shaxsiy maʼlumotlarni kiriting va ariza yuboring. Ilovadagi buyruqlarni ketma-ket bajarasiz, shaxsingizni tasdiqlovchi ma’lumotlaringizni kiritasiz va Baraka kartasiga ega bo‘lasiz. Kartaning jismoniy variantini 3 kun ichida Xalq banki va Aloqabankning o‘zingiz tanlagan filialidan olasiz.

Baraka ilovasini qanday yuklab olish mumkin?

1-bosqich — ilovani yuklab oling. Ilovani oʻrnatish uchun quyidagi usullardan birini tanlang:

  • gov.uzsaytiga kirib, telefon kamerasini QR-kodga yoʻnaltirib, ilovani yuklang.
  • Doʻkonlar orqali — App Store (iPhone) yoki Google Play (Android) da “Baraka” deb qidirib toping va yuklab oling.

2-bosqich. Roʻyxatdan oʻtish bir necha daqiqani oladi va quyidagi bosqichlardan iborat:

  • Shaxsni tasdiqlash — pasport maʼlumotlari va telefon raqamingizni kiriting.
  • Raqamni tasdiqlash — SMS orqali kelgan kodni kiriting.
  • Yuzni skanerlash (selfi) — shaxsni aniqlash uchun yuzingizni telefon kamerasiga yaqinlashtiring.
  • Parol va PIN — profil uchun kuchli parol va ilovaga tez kirish uchun 4 xonali PIN yarating. (Parol bu — profilingizni himoya qiladigan uzunroq va murakkabroq maxfiy kod. PIN esa — ilovaga tez va qulay kirish uchun moʻljallangan 4 xonali qisqa raqamli kod)

3-bosqichda karta avtomatik qoʻshiladi

Roʻyxatdan muvaffaqiyatli oʻtganingizdan soʻng, sizga berilgan “Baraka” ijtimoiy kartasi ilovaga avtomatik ravishda qoʻshiladi. Qoʻshimcha amal bajarishingiz shart emas.

Shuningdek, Baraka kartalariga arizani Xalq banki yoki Aloqabankga borib berishingiz mumkin. Buning uchun o‘zingiz yashayotgan joyga yaqin filialiga pasport bilan borishingiz kifoya.

Yana bir usul – “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari. Har bir tumanda faoliyat yuritadigan bu markazlarga tashrif buyurib, kartaga ariza bering. Bu markazlarda siz:

  • ijtimoiy yordam, nafaqa yoki subsidiya oluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishingiz,
  • “Baraka” kartasi uchun ariza topshirishingiz,
  • zarur hollarda konsultatsiya olishingiz mumkin.

Eslatma. Karta harakatga layoqati cheklangan fuqarolar uyiga bepul yetkazib beriladi. Buning uchun siz joylashgan hududdagi “Inson” markazlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Ular esa sizga ijtimoiy xodim jo’natishadi. Ijtimoiy xodim kartangizni rasmiylashtirishda yordam beradi.